Ali Zairov

Odamlarni tushunish oson emas

1 iyl 2026  ·  3 daqiqa o'qish  ·  1 ko'rish

Odamni faqat gaplariga qarab toʻliq tushunib boʻlmaydi. Chunki inson bir narsani aytishi mumkin, lekin istayotgan narsasi boshqa boʻlishi mumkin.

Masalan, odam doim doʻstlik haqida gapiradi. Ammo obroʻsiga zarar yetishi mumkin boʻlganda doʻstini yolgʻiz qoldiradi.

Demak, u doʻstlikni qadrlaydi, lekin odamlarning fikridan koʻproq emas.

Inson nimani yaxshi koʻrishi gaplaridan emas, balki nimalardan voz kechishiga qarab bilinadi.

Bir odamning asosiy orzusi boylik boʻlsa, u atrofidagi narsalarni pul mezoni bilan oʻlchay boshlaydi:

— odamning qiymatini daromadi bilan;

— kasbning qiymatini maoshi bilan;

— munosabatning qiymatini foydasi bilan;

— vaqtning qiymatini tezkor natija bilan.

Bunaqa odam saxovatli emas, yoki xasis deb xulosa berib boʻlmaydi. Lekin boylikni eng oliy yaxshilik deb bilsa, pul va vijdon toʻqnashganida uning haqiqiy qiyofasi koʻrinadi.

Boshqa odamning asosiy orzusi mashhurlik boʻlsa, u hayotini odamlarning e’tiboriga moslab yashaydi. U haqiqatni emas, olqish keltiradigan gapni aytadi. Odamlarga foyda beradigan ishni emas, balki ularga koʻrinadigan ishni tanlaydi.

Odamni faqat shaxsiy tanlovlaridan emas, nimani targʻib qilishidan ham tushunish mumkin.

Bir davrda mazmunli she’riyat, ma’noli qoʻshiqlar ommalashadi. Boshqa davrda esa tez yodda qoladigan, shunchaki hissiyot atrofida aylanuvchi qoʻshiqlar trend boʻladi. Bu faqat uslubning oʻzgarishi emas. Bu odamlarning san’atdan chuqur ma’no izlayaptimi yoki tezkor hissiyot izlayaptimi — shuni ham koʻrsatadi.

Masalan, kitoblarda ham shunday. Sodda va yengil oʻqiladigan asarlarning ommalashishi oʻz-oʻzidan yomon emas. Lekin jamiyatda aynan shunday kitoblar doimiy ravishda eng koʻp oʻqilsa, eng koʻp tavsiya qilinsa va murakkabroq asarlar chetda qolsa, bu ommaviy didning qaysi darajada ekanini koʻrsatadi.

Chunki trend tasodifan paydo boʻlmaydi. Odamlar nimani oson qabul qilsa, nimadan tez ta’sirlansa va nimani tushunishga tayyor boʻlsa, koʻpincha oʻsha narsa ommalashadi.

Jamiyat nimani mashhur qilsa, aslida nimani qadrlayotganini ham koʻrsatadi. Qaysi qoʻshiqlar tinglanadi, qanday kitoblar tavsiya qilinadi, kimlar qahramonga aylanadi — bularning barchasi davrning ichki dididan darak beradi.

Shu oʻrinda ommaviylikni sifat bilan tenglashtirib boʻlmaydi. Ba’zan bir narsa yaxshi boʻlgani uchun emas, shunchaki hamma uni tanlayotgani uchun ham yanada mashhur boʻladi.

Shuning uchun saviya faqat nimani yoqtirishda emas. Murakkabroq narsalarga nisbatan qanday munosabatda boʻlishda ham koʻrinadi.

• Kimdir tushunmagan narsasini masxara qiladi.

• Kimdir uni keraksiz deb e’lon qiladi.

• Yana kimdir esa: “Hozircha anglamadim, lekin tushunishga harakat qilaman”, deydi.

Odam nimaga intilishidan tashqari, nimadan qochishi ham uning ichki dunyosini ochib beradi.

• Kimdir xato qilishdan qochadi. Shuning uchun yangi ishni boshlamaydi.

• Kimdir tanqiddan qochadi. Shuning uchun oʻz fikrini aytmaydi.

• Kimdir kambagʻallikdan qochadi. Shuning uchun har qanday daromadni oqlaydi.

• Kimdir yolgʻizlikdan qochadi. Shuning uchun oʻziga zararli munosabatni ham tark etmaydi.

• Kimdir obroʻsining tushishidan qochadi. Shuning uchun xatosini tan olmaydi.

Odatda odamning qoʻrquvi u qaysi narsani mutlaq yomon deb hisoblashini koʻrsatadi.

Odamning gʻazabi ham uning qadriyatini koʻrsatadi.

Bir xodim rahbarning fikriga qarshi chiqsa, rahbarning jahli chiqadi. Balki u tartibni emas, soʻzsiz itoatni qadrlayotgan boʻlishi mumkin.

Odamni tushunmoqchi boʻlsangiz, uning gaplariga emas, hayotda nimani eng oliy yaxshilik deb bilishiga qarash kerak.

• U nimaga intiladi?

• Nimani yoʻqotishdan qoʻrqadi?

• Nima uchun vijdonidan, vaqtidan yoki munosabatlaridan voz kechadi?

• Nimani goʻzal deb biladi?

• Nimani mashhur boʻlishga munosib deb hisoblaydi?

Odamlarning asl mohiyatini tushunish uchun ularning ongiga nazar solish kerak: ular nimani orzu qilayotgani, nimadan qochayotgani va nimalarni qadrlayotganini kuzatish kerak.