Insonlar qanday qilib baxtsiz boʻlib qoladi?
1 iyl 2026 · 4 daqiqa o'qish · 7 ko'rish
Odamni faqatgina boshqalarning gap so‘zlari emas, balki o‘zining ichida kechayotgan fikrlari ham adashtirishi mumkin.
Chunki inson ongiga kelgan har bir fikr haqiqat bo‘lavermaydi. Fikrlar hayotiy tajribalardan shakllanadi: kuzatuvlari, qo‘rquvi, qiziqishi, yaxshi yoki yomon ko‘rish kabi tajribalariga ko‘ra inson fikrlaydi va shunga ko‘ra xulosa qiladi. Hamda shu tajribalar ta’sirida paydo bo‘lib qolgan talqinni haqiqat deb qabul qilishni boshlaydi.
Masalan siz bir insonga xabar yozdingiz u esa javob bermadi.
Voqeaning asli: u sizga javob bermadi (xolos). Lekin siz darhol xulosalar qilasiz:
“U meni mensimayapti.”
“U mendan xafa.”
“Ataylab javob bermayapti.”
“Men uning uchun ahamiyatsizman.”
Agar shu o‘rinda siz bu fikrlarni tekshirib tahlil qilmasangiz, jahlingiz chiqadi, munosabatingiz soviydi va/yoki oqibatda qo‘pol xabar yozasiz.
Lekin keyin ma’lum bo‘lishicha, uning telefoni o‘chgan yoki ishi ko‘p bo‘lgan bo‘lib chiqadi.
Demak, sizni aslida uning javob bermagani emas, balki miyangizga kelgan fikrlarni tekshirib, tahlil qilib ko‘rmaganingiz xafa qiladi.
Inson o‘z fikrlarini qanday tekshiradi? Birinchidan, miyasiga kelgan har bir fikrga haqiqat sifatida qaramasdan, o‘ziga quyidagicha savollarga xolis javob berib ko‘rishi kerak:
— Shu o‘yim o‘zi haqiqatmi?
— Bu mening xayolimga qayerdan keldi? va hkz.
Inson asl voqea bilan unga o‘zi yuklagan ma’noni ajrata olmasa, o‘z shaxsiyatiga nisbatan noto‘g‘ri talqin yasab salbiy xulosa qilib qo‘yadi.
— “Taklif qabul qilinmadi” — bu asl voqea.
— “Demak, meni hech kim qadrlamaydi”, bu — talqin va salbiy xulosa.
Inson qandaydir vaziyatda o‘zining fikrlarini tekshirmasa oqibatda shu fikrlar asta-sekin hasadga aylanadi. Keyin hasad qilgan insonining har bir xatosi uni quvontiradi, har bir yutug‘i esa bezovta qiladi. Fikrlarini tahlil qiluvchi odam esa asl holatni baholay oladi.
Fikrlarni tahlil qilish insonning asl qadriyatlarini ham ochib beradi.
Kuchli misol)): Bir odam ijtimoiy tarmoqdagi postiga kam reaksiya kelgani uchun tushkunlikka tushadi.
U:
— Odamlarga fikrim kerak emas.
— Men qiziq emasman.
— Boshqalar mendan kuchliroq, deb o‘ylaydi.
Kam ko‘rilgan post aslida bir natija edi. Ammo inson boshqalar e’tiborini o‘z qadrining o‘lchoviga aylantirgan bo‘lsa, u uchun har bir layk tasdiq, har bir sukut esa rad etilishdek tuyulaveradi.
Shunda u nima to‘g‘ri ekanini emas, nima ko‘proq reaksiya keltirishini o‘ylay boshlaydi.
Odam o‘z fikrlarini kuzatmasa, vaqt o‘tishi bilan tashqi voqealar uning ichki holatini to‘liq boshqarib qo‘yadi:
— kimdir maqtasa, o‘zini kuchli his qiladi;
— kimdir tanqid qilsa, o‘zidan nafratlanadi;
— odamlar qarasa, dadil bo‘ladi;
— e’tibor kamayganda, o‘zini keraksizdek sezadi.
Oqibatda bunday odamning kayfiyati o‘z qo‘lida boʻlmaydi. U boshqalarning yuz ifodasi, javobi va munosabatiga qaram bo‘lib qoladi.
Ba’zan haqiqiy muammo boshqalarning biz haqimizdagi fikrini bilmaslikda emas, balki uni doimo bilishga urinishdadir.
***
Aslida u odamning ichida nima borligini bilmaydi. Lekin bilmagan joyini eng yomon taxminlar bilan to‘ldiradi.
Shunday qilib, u boshqalarning haqiqiy fikridan emas, o‘zi ularning nomidan yaratgan fikrlardan aziyat chekishni boshlaydi.
Biror insonni avvaldan yoqtirmasa, u haqidagi salbiy xabarga tez ishonadi. Yoqtirsa, xuddi shunday xatoni oqlashga harakat qiladi.
Demak, inson ko‘pincha haqiqatni emas, o‘z fikrining tasdigʻini izlaydi.
Masalan, bir rahbar xodimini mas’uliyatsiz deb hisoblab qolsa, keyinchalik uning kechikkanini darhol sezadi, vaqtida bajargan ko‘plab ishlarini esa e’tiborsiz qoldiradi.
Yoki ota-ona farzandini “dangasa” deb “belgilab” qo‘ysa, bolaning har bir sustligini shu hukmga dalil qiladi. Uning harakat qilgan, qiziqqan va yaxshi natija ko‘rsatgan paytlarini esa unutib qo‘yadi.
Odam o‘z fikrlariga e’tibor bermasa, ichidagi vaqtinchalik holatni doimiy haqiqat deb ham qabul qiladi.
Masalan, u charchagan paytda:
“Men bu ishni yomon ko‘raman”, deydi.
Bir marta muvaffaqiyatsizlikka uchraganda:
“Men hech narsani eplay olmayman”, deydi.
Bir kishi uni tark etganda:
“Meni hech kim chinakamiga yaxshi ko‘rmaydi”, degan xulosaga keladi.
Bunda bitta holat bilan butun hayot haqida xulosa qilib yuboriladi.
— Bir ishda yutqazdim — demak, men omadsizman.
— Bir odam aldagan — demak, hech kimga ishonib bo‘lmaydi.
— Bir marta xato qildim — demak, bu ish menga mos emas.
O‘z fikrlariga e’tibor berish ana shu umumlashtirishlarni sezishdir.
Bu inson o‘zini doimo shubha ostiga olishi kerak degani emas. Aksincha, u fikr bilan haqiqatni, hissiyot bilan hukmni, voqea bilan talqinni ajratishni o‘rganishi kerak.
— G‘azablangan odam boshqasini jazolashni adolat deb o‘ylashi mumkin.
— Hasad qilgan odam birovning muvaffaqiyatini tasodif deb hisoblaydi.
— Qo‘rqayotgan odam ehtiyotkorlik bilan qo‘rqoqlikni adashtiradi.
— Manman odam maslahatni haqorat deb qabul qiladi.
— O‘ziga ishonmaydigan odam esa oddiy tanqidni o‘zining butun shaxsiyatiga berilgan baho deb biladi.
Shuning uchun fikrlarni kuzatish insonning o‘ziga qarshi kurashi emas. Bu ichki holatlarning uni bilmasdan boshqarib qo‘yishiga yo‘l qo‘ymaslikdir.
Odam boshqalar u haqida nima o‘ylayotganini bilmasdan ham yaxshi yashashi mumkin.
Lekin u o‘z ongida qanday gumonlar, hukmlar va istaklar paydo bo‘layotganini umuman kuzatmasa, asta-sekin o‘z fikrlarining asiriga aylanadi.
U voqealarga qanday bo‘lsa, shunday qaray olmay qoladi. Hamma narsani qo‘rquvi, hasadi, kibri yoki o‘tmishdagi jarohatlari orqali ko‘radi.
Shunda asosiy muammo tashqaridagi odamlar emas, ichkarida tekshirilmasdan qolgan fikrlar bo‘ladi.
“Odam boshqalarning fikrini bilmay yashasa, odatda, baxtsiz bo‘lmaydi. Lekin kimki o‘z fikrlariga e’tibor bermasa, u chinakam baxtsiz bo‘lib boradi.”